Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 24-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga boʻlgan huquqi kafolatlari

Davlat bolaning oilada boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish boʻyicha zarur choralarni koʻradi. Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy yordam, maslahat yordami va boshqa yordam koʻrsatadi hamda ularni qoʻllab-quvvatlaydi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir boʻlgan qarindoshlariga beriladi. Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir. Oilada tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ularga zarur gʻamxoʻrlikni hamda qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning shakllari quyidagilardir: vasiylik va homiylikni belgilash; bolani farzandlikka olish; tutingan (foster) oilaga olish; ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish. Qonunchilikka muvofiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllari ham nazarda tutilishi mumkin. Yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish hamda ularni tarbiyalash xizmatiga nodavlat tashkilotlar davlat ijtimoiy buyurtmasi, autsorsing yoki boshqa turdagi shartnomalar asosida jalb etilishi mumkin. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.