Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻz vazifalari doirasida quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi: bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish; bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilash; bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni ijro etish; bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha davlat dasturlari hamda hududiy dasturlarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish; bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha davlat organlari, bolalar muassasalari, tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish; bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga doir tadbirlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish; davlatga qarashli bolalar muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va nodavlat bolalar muassasalarini rivojlantirishga koʻmaklashish chora-tadbirlarini koʻrish; bola huquqlarini taʼminlash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish hamda xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalash; axborot-maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish; ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash masalalarini hal etish. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, davlat organlari va boshqa organlarning, tashkilotlarning bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda bola huquqlari boʻyicha vakolatli organ tashkil etilishi mumkin.