Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish hamda tasdiqlash budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalari uchun belgilangan tartibga oʻxshash tartibda amalga oshiriladi. Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha jamlanma daromadlar va xarajatlar smetalari ushbu Kodeksning 107-moddasida xarajatlar smetalari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasining daromad qismi moliya yili boshidagi mablagʻlar qoldigʻi hamda daromadlarning manbalar kesimidagi prognozidan tashkil topadi. Qonunchilikka muvofiq budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xodimlar soni saqlab turilgan taqdirda, budjetdan tashqari jamgʻarmalar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasiga koʻrsatilgan xodimlar soni boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan shtat jadvali ilova qilinadi.