Budjet kodeksi 132-modda. Budjetlararo munosabatlar tushunchasi

Budjetlararo munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar, shaharlar budjetlari, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi ushbu Kodeks bilan tegishli budjetlarga biriktirilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlashga doir munosabatlardir. Budjet jarayonida: Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan; davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan; Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining bir-biri bilan, shuningdek boshqa maʼmuriy-hududiy birlikning tumanlari va shaharlari budjetlari bilan; tumanlar va shaharlar budjetlari oʻrtasida oʻzaro munosabatlariga yoʻl qoʻyilmaydi.