Subvensiyalar asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda belgilangan xarajatlarni amalga oshirish uchun ajratiladi. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi. Foydalanilmagan subvensiyalar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.