Budjet kodeksi 138-2-modda. Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar

Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar qaytarilmaslik sharti bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozlaridan oshgan qismini qoplash uchun beriladi. Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning miqdorlari: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga — Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda; Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar tasdiqlanayotganda belgilanadi. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini, quyi turuvchi budjetlarning daromadlari prognozlarining ijrosidan qatʼi nazar, kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.