Budjet kodeksi 149-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi xarajatlariga oʻzgartirishlar kiritish tartibi

Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foiz va undan ortiq miqdorga koʻpaytirishni yoki kamaytirishni nazarda tutadigan oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foizdan kam miqdorda koʻpaytirish yoki kamaytirishni nazarda tutadigan oʻzgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi taqsimlovchi organlarining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlarini ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan koʻpaytirish ularni qoplash manbalari mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan umumiy hajmlarini koʻpaytirmasdan yoki kamaytirmasdan oʻzgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamgʻarmalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining taqsimlovchi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatiga koʻra hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.