Budjet kodeksi 154-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar)

Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy banklardan, davlatlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish jumlasiga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) belgilangan tartibda: davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirishga yoki birgalikda moliyalashtirishga; davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni bajarishga doir tadbirlarni moliyalashtirish uchun kreditlarni (qarzlarni) qaytadan kreditlashga yoʻnaltiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan kreditlarni (qarzlarni) qaytadan kreditlashda kredit (qarz) boʻyicha xizmat koʻrsatish yuzasidan ehtimoldagi tavakkalchiliklarni qoplashda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi marjasi belgilanishi mumkin. Kredit (qarz) boʻyicha qarzdorlik toʻliq toʻlangan taqdirda kredit (qarz) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi marjasining foydalanilmay qolgan summasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining Davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha kafolat jamgʻarmasi daromadiga kiritiladi.