Budjet kodeksi 164-modda. Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga daromadlarning tushumlari toʻgʻrisidagi hisobot

Tumanlar va shaharlar soliq inspeksiyalari tegishli tumanlar hamda shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlariga hisobot davri uchun soliqlar va yigʻimlarning hisoblanishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar soliq boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga hisobot davri uchun soliqlar, yigʻimlar, davlat bojlari va soliq boʻlmagan toʻlovlarning hisoblanishi toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot davri uchun soliqlar, yigʻimlar, davlat bojlari va soliq boʻlmagan toʻlovlarning hisoblanishi hamda tushumi toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadi. Soliqlar, yigʻimlar, davlat boji va soliq boʻlmagan toʻlovlarning hisoblanishi va tushumi toʻgʻrisidagi hisobotlarning shakllari hamda ularni taqdim etish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar hamda muddatlarda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromadlarining tushumlari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.