Budjet kodeksi 165-1-modda. Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot

Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat boʻladi. Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi: Davlat budjeti daromadlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni; Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan mablagʻ oluvchi budjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisidagi hisobotni. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shakllar boʻyicha Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni tuzadi. Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarga quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi: Davlat budjeti daromadlarining soliq turlari va hududlar kesimidagi ijrosi; foydalanilgan soliq imtiyozlarining turlari va ularning miqdori; hududlar kesimida soliq qarzi va ortiqcha toʻlovlar; Davlat budjeti xarajatlarining sohalar va hududlar kesimidagi ijrosi; Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilariga ajratiladigan mablagʻlar ijrosi; budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot; Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijro etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot; yuqori budjetdan quyi budjetlarga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratilgan transfertlar, shu jumladan budjet ssudalari. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot davridan keyingi ikkinchi oyning 10-sanasiga qadar taqdim etadi.