Davlat moliyaviy nazorati taftish, tekshirish (shu jumladan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikning avvalgi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibidagi tekshirish) va oʻrganish shaklida amalga oshiriladi. Davlat moliyaviy nazoratining turlari quyidagi: dastlabki nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar gʻaznachilik boʻlinmalari, iqtisodiyot va moliya organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan; joriy nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilishi jarayonida gʻaznachilik boʻlinmalari, iqtisodiyot va moliya organlari hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan; yakuniy nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilganidan soʻng ushbu Kodeksning 171-moddasida koʻrsatilgan davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratlardir. Davlat moliyaviy nazoratining usullari quyidagilardir: hujjatlarni tekshirish hajmiga qarab: yoppasiga nazorat — tekshirilayotgan davr uchun barcha buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni nazorat qilish; tanlov asosidagi nazorat — muayyan davr uchun buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarning ayrim qismlarini nazorat qilish; nazoratning maqsadga yoʻnaltirilganligi va predmetiga qarab: kompleks nazorat — davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining barcha yoʻnalishlarini nazorat qilish; mavzuli nazorat — davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun ayrim masalalar boʻyicha faoliyatini nazorat qilish; muqobil nazorat — operatsiyalar yagonaligi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan va turli davlat moliyaviy nazorati obyektlarida turgan hujjatlarni solishtirishni oʻz ichiga olgan tekshirish, bundan tadbirkorlik subyektlari mustasno.