Budjet kodeksi 85-modda. Budjet soʻrovi

Budjet soʻrovi: budjet tashkilotining, budjet mablagʻlari oluvchining va budjet mablagʻlarini taqsimlovchining budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatining miqdor va sifat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oluvchi, oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobotni; xarajat majburiyatlarining ularni kiritish (ijro etish) uchun asos boʻladigan hamda moliyalashtirish manbalari va amal qilish muddatlarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar, shartnomalar va (yoki) ularning alohida qoidalari koʻrsatilgan reyestrini; budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturini; budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi bilan uzviy bogʻliq holda tuzilgan kelgusi davr uchun budjet buyurtmasini oʻz ichiga oladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar budjet soʻrovi bilan bir vaqtda tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlarining kelgusi davr uchun prognozlarini taqdim etadi. Budjet soʻrovini tuzish tartibi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.