Budjet buyurtmasi budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan tuziladi. Budjet tashkiloti yoxud budjet mablagʻlari oluvchi tomonidan tuzilgan budjet buyurtmasi tegishli budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan belgilangan muddatda, biroq tegishli iqtisodiyot va moliya organi va davlat maqsadli jamgʻarmasini taqsimlovchi organga budjet soʻrovini taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan taqdim etiladi. Budjet buyurtmasida oʻtgan va joriy yillar uchun hamda kelgusi uch yil uchun budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar budjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladi. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjet buyurtmalari asosida jamlanma budjet buyurtmasini tuzadi. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining jamlanma budjet buyurtmasi budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi bilan uzviy bogʻliq holda tuziladi. Budjet buyurtmasida xarajatlar hajmlarini oʻtgan yillarga nisbatan koʻpaytirishga faqat asoslovchi qonun hujjati boʻlgan taqdirda va mazkur koʻpaytirish budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.