Davlat fuqarolik xizmati tizimi davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qoʻyish, ularning mehnatiga haq toʻlash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va xizmatda lavozim boʻyicha koʻtarish mexanizmlarining yagona tashkiliy-huquqiy majmuidir. Belgilangan malaka talablariga muvofiq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga davlat fuqarolik xizmatiga kirish uchun teng imkoniyatlar kafolatlanadi. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun kasbiy kompetensiyasini shakllantirish davlat fuqarolik xizmatchisini qayta tayyorlashni, uning malakasini oshirishni, taʼlim olishini tashkil etish hisobidan taʼminlanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisini tegishli ravishda ragʻbatlantirish va xizmatda lavozim boʻyicha koʻtarish uning kasbiy kompetensiyalarini hamda alohida xizmatlarini xolisona va adolatli baholash asosida taʼminlanadi.