Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari siyosiy, boshqaruv va yordamchi lavozim guruhlaridan iboratdir. Bunda mazkur guruhlarga tegishli lavozimlarning toifalari Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrida belgilanadi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi alohida qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilanadi. Davlat fuqarolik xizmatchilari davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va yordamchi guruhlariga taalluqli davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlov asosida tayinlanadi hamda davlat organi rahbari tomonidan lavozimidan ozod qilinadi.