Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 45-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ragʻbatlantirish choralarining qoʻllanilishi

Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash davlat organining rahbari tomonidan yoki uning tavsiyasiga koʻra amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani hal etish chogʻida quyidagilar eʼtiborga olinadi: oy, chorak, yarim yil, yil yakunlari boʻyicha faoliyatning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarganlik va oshirib bajarganlik; oʻta muhim vazifalarni bajarganlik; zimmasiga yuklatilgan vazifaning murakkabligi va muhimligi, shuningdek uning faoliyatida erishilgan yuqori natijalar; bayram kunlari, yubileylar, nishonlanadigan sanalar va pensiyaga chiqish.