Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasining bekor qilinganligi; Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan yoʻqotilganligi; davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini davom ettirish imkoniyatini istisno etuvchi jazoga tortilganligiga doir sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi sudning ajrimi; davlat fuqarolik xizmatchisining davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashi uchun ahamiyatga ega boʻlgan yolgʻon axborot taqdim etilganligi; davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilganligi; davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlarga davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan rioya etilmaganligi. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining tugatilganligi davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomining yoʻqotilishiga sabab boʻladi.