Davlat xaridlari toʻgʻrisida 23-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi

Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini bajarish uchun talabgor sifatida ishtirok etayotgan, Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxsdir. Ishtirokchi: davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish; davlat buyurtmachisiga yoki ushbu buyurtmachi tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotga muayyan davlat xaridlarining tartib-taomillari, ularni oʻtkazish talablari va shartlari boʻyicha soʻrovlar berish hamda ulardan tushuntirishlar olish; xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish; Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga xarid qilish tartib-taomillari natijalari yuzasidan shikoyat qilish; qonunchilikka muvofiq takliflarga oʻzgartirishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega. Ishtirokchi: davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi; xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq boʻlgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar boʻlishi; asosiy benefitsiar mulkdor toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etishi; gʻolib deb topilgan taqdirda, davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart. Ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron doʻkon, kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va ikki bosqichli davlat xaridlari boʻyicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.