Davlat xaridlari toʻgʻrisida 6-modda. Kasbiy mahorat va masʼuliyatlilik prinsipi

Davlat buyurtmachisi, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilot masʼul shaxslarining kasbiy mahorati tegishli boʻlinmalar xodimlariga nisbatan soha boʻyicha maʼlumoti boʻlishi, malakasini muntazam ravishda oshirishi, bosqichma-bosqich amaliy tajribaga ega boʻlib borishi va kasbiy faoliyati toʻgʻrisidagi talablarni belgilash yoʻli bilan taʼminlanadi. Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxsni belgilashi shart. Kasbiy mahoratga ega boʻlish maqsadida xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxsning malakasini muntazam ravishda oshirib borish davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan oʻqitishni tashkil etish orqali taʼminlanadi. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, xarid qilish tartib-taomilini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim.