Davlat xaridlari toʻgʻrisida 66-modda. Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon

Tender vositasidagi davlat xaridi toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga koʻra uning veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonni va tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yoʻli bilan maʼlum qilinadi. Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon faqat tender boʻyicha xarid qilish hujjatlari yuzasidan Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi olinganidan keyin joylashtiriladi. Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon tender ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida oʻn ikki ish kuni va koʻpi bilan oʻttiz ish kuni oldin maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi. Tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon quyidagi axborotni oʻz ichiga olishi kerak: tenderni oʻtkazish shakli; tovarning (ishning, xizmatning) batafsil tavsifi va boshlangʻich narxi; tender oʻtkaziladigan joyning manzili; tender ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar; davlat buyurtmachisining ishtirokchilar bilan bogʻlanish uchun aloqa bogʻlovchi shaxslar sifatida belgilangan bir yoki bir nechta mansabdor shaxslarining yoki boshqa xodimlarining familiyasi, ismi, sharifi, lavozimi va manzili; takliflar berish muddati tugaydigan sana va vaqt; tender taklifini rasmiylashtirishga doir talablar. Tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa axborotni ham oʻz ichiga olishi mumkin.