Tender ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddati takliflar berish tugagan paytdan eʼtiboran qirq besh ish kunidan oshishi mumkin emas. Agar taklif ushbu Qonunning va tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarining talablariga muvofiq kelsa, u tegishli tarzda rasmiylashtirilgan deb topiladi. Agar taklifni kiritgan tender ishtirokchisi ushbu Qonunda belgilangan talablarga mos kelmasa yoki tender ishtirokchisining taklifi tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan boʻlsa, shuningdek tender boʻyicha xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq kelmasa, xarid komissiyasi taklifni rad etadi. Eʼlonda tender oʻtkaziladigan vaqt sifatida koʻrsatilgan vaqtda davlat xaridlarining elektron tizimi avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tender takliflarini tashkil etadigan elektron hujjatlarni koʻrish imkoniyatini beradi. Davlat xaridlarining elektron tizimi ishtirokchi taklif etgan narxning boshlangʻich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning toʻldirilganligini tekshiradi. Agar ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlangʻich narxdan yuqori boʻlsa, shuningdek biriktirilishi zarur boʻlgan hujjatlarni toʻldirish va joylashtirish uchun majburiy boʻlgan boʻsh maydonlar mavjud boʻlsa, davlat xaridlarining elektron tizimi aniq sababni koʻrsatgan holda ishtirokchining tender taklifini rad etadi. Biriktirilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishtirokchining tender taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi. Tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan mezonlar asosida tender gʻolibini aniqlash uchun xarid komissiyasi rad etilmagan takliflarni baholashni amalga oshiradi. Birinchi bosqichda tender ishtirokchisi taklifining texnik qismini baholash amalga oshiriladi. Xarid komissiyasining tender taklifining texnik qismini baholash boʻyicha qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada tenderning birinchi bosqichini baholash yakunlar