Birinchi bosqichda ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilari xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) eng kam texnik xususiyatlarini aks ettiruvchi dastlabki oʻz texnik takliflarini taqdim etadi. Texnik talablar davlat buyurtmachisining ehtiyojlaridan, xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) moʻljallanilgan maqsadi va funksiyalaridan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak. Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilari tomonidan taqdim etiladigan takliflar ikki bosqichli davlat xaridlarining xarid qilish hujjatlariga va ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Ikki bosqichli davlat xaridlarini elektron shaklda oʻtkazish chogʻida ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.