Davlat xaridlari toʻgʻrisida 70-modda. Tender natijalari boʻyicha shartnoma tuzish

Tender natijalari boʻyicha shartnoma tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarida va shartnoma tuzilayotgan tender ishtirokchisi tomonidan berilgan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Gʻolib shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda unga zakalat summasi qaytarib berilmaydi. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi gʻolib aniqlangan boʻlsa, shartnoma tuzish va unga doir majburiyatlarni bajarish huquqi zaxiradagi gʻolibga oʻtadi. Bunda zaxiradagi gʻolib gʻolib tomonidan taklif etilgan narxda (bundan zaxiradagi gʻolib taklif etgan narx gʻolib tomonidan taklif etilgan narxdan past boʻlgan hollar mustasno) shartnoma tuzadi yoki shartnoma tuzishdan bosh tortishi mumkin. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi gʻolib aniqlanmagan boʻlsa yoki zaxiradagi gʻolib shartnoma tuzishdan bosh tortsa, davlat buyurtmachisi yangi tender oʻtkazadi. Tender natijalari boʻyicha tuzilgan shartnoma toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga u tuzilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.