Ushbu Qonunda belgilangan tartibda yagona yetkazib beruvchi deb topilgan va Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisi yagona yetkazib beruvchidir. Yagona yetkazib beruvchidan tovar (ish, xizmat) olish zarur boʻlgan taqdirda, yetkazib beruvchi hamda davlat buyurtmachisi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuziladi va bu shartnoma toʻgʻrisidagi axborot u tuzilgan paytdan eʼtiboran besh ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirilishi lozim. Yagona yetkazib beruvchidan davlat xaridi quyidagi alohida hollarda amalga oshiriladi: bozorda muqobillari boʻlmagan va faqat yagona yetkazib beruvchidan olish mumkin boʻlgan texnik jihatdan murakkab tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi; madaniy qimmatliklarni olish; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida yagona yetkazib beruvchi sifatida belgilangan subyektlardan davlat xaridlari; tabiiy monopoliya subyekti tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) davlat xaridi; oʻz vakolatlariga muvofiq faqat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yoki ularning tasarrufidagi davlat muassasalari va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ishlarga yoki koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlarga ehtiyoj paydo boʻlishi.