Davlat xaridlari toʻgʻrisida 75-modda. Xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazorati

Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini quyidagilar oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi: Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi; Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi; Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarini auditdan oʻtkazadi va audit natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga har yilning yakuni boʻyicha kiritadigan hisobotida koʻrsatadi, shuningdek ochiq axborot manbalariga joylashtiradi. Ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatli davlat organlari ham oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.