Elektron tijorat toʻgʻrisida 14-modda. Shartnomalar tuzishga doir umumiy talablar

Elektron tijoratda tuziladigan shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi , ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjati talablariga muvofiq boʻlishi kerak. Elektron tijoratda shartnoma taraflar oʻrtasida shartnomaning shartlarini elektron hujjatlar va (yoki) xabarlarni tasdiqlash yoʻli bilan kelishish orqali elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi. Elektron tijoratda hujjatlarni shakllantirish taraflarning kelishuviga koʻra amalga oshiriladi. Shartnoma qonunchilikda belgilangan, shartnomani tuzish va bajarish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarning mazmuniga va shakliga oid talablarga mos boʻlishi kerak. Elektron tijorat operatorlariga yoki sotuvchilariga shartnoma taraflarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan elektron tarzdagi cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa hujjatlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olinganligini tasdiqlaydigan qogʻozdagi shunga oʻxshash hujjatlarga tenglashtiriladi. Shartnomalarni tuzish chogʻida qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolash talab qilingan hollarda elektron hujjat, agar shartnoma tarafi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash tartib-taomili bajarilsa, imzolangan deb hisoblanadi. Elektron tijoratdagi hujjatda hujjatni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari (“SMS”, “Face-ID” va boshqalar) ham imzo sifatida tan olinadi.