Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi). Vakolatli davlat organi: elektron tijorat sohasini tartibga solishni amalga oshiradi va mazkur sohadagi davlat siyosatini roʻyobga chiqaradi; elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi; boshqa manfaatdor davlat organlari va oʻzga tashkilotlar bilan birgalikda elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi; elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi; elektron tijorat subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini koʻradi; elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishda va uning ijrosini taʼminlashda ishtirok etadi; elektron tijorat sohasidagi tadqiqotlarni va mazkur sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishi monitoringini tashkil etadi; elektron tijorat sohasiga axborot tizimlarini va axborot resurslarini joriy etishga koʻmaklashadi; elektron tijorat subyektlariga xizmat qiladigan logistika infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashadi; elektron tijorat sohasiga elektron toʻlovlarning samarali usullari va tizimlarini joriy etishda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ishtirok etadi; aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida elektron tijoratni targʻib qilishni hamda ommalashtirishni tashkil etadi. Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.