Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 18-modda. Oila sogʻligʻini saqlash

Har bir fuqaro davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida oilaga taalluqli masalalar, oʻzida ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar va atrofdagilar uchun xavfli boʻlgan kasalliklar bor-yoʻqligi yuzasidan, nikoh va oila munosabatlarining tibbiy-ruhiy jihatlari yuzasidan bepul maslahatlar olish, shuningdek tibbiy-irsiy hamda boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar olish va tekshiruvdan oʻtish huquqiga ega. Har bir oila oʻziga oilaviy shifokor tanlash huquqiga ega. Bolali oilalar fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasida qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. Uch yoshga toʻlmagan bolalar, shuningdek shifokorlarning xulosasiga koʻra qoʻshimcha qarovga muhtoj boʻlgan katta yoshdagi kasali ogʻir bolalar statsionar shifoxonada davolanayotganida ularning otasi yoki onasiga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa aʼzosiga davolash muassasasida uning yonida birga boʻlishi uchun imkoniyat yaratiladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.