Davlat voyaga yetmaganlarning sogʻliqni saqlash huquqlarini ularning jismoniy, maʼnaviy rivojlanishi uchun, kasalliklarning oldini olish uchun eng qulay sharoit yaratish, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, maktablarda va boshqa muassasalarda tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyish orqali taʼminlaydi. Voyaga yetmaganlar quyidagi huquqlarga ega: Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda dispanser nazoratida boʻlish hamda bolalar va oʻsmirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanish; sanitariya-gigiyena taʼlimi olish, oʻqish hamda oʻzlarining fiziologik xususiyatlari va sogʻligʻiga mos sharoitlarda mehnat qilish; kasbga yaroqliligini aniqlash chogʻida budjet mablagʻlari hisobidan bepul tibbiy maslahatlar olish; sogʻliqlari toʻgʻrisida oʻzlari uchun qulay tarzda zarur axborot olish. Oʻn toʻrt yoshdan oshgan voyaga yetmaganlar maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor voyaga yetmaganlar ota-onalarining yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasiga koʻra budjet mablagʻlari, xayriya jamgʻarmalari va boshqa fondlarning mablagʻlari, shuningdek ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning mablagʻlari hisobidan ijtimoiy himoya tizimi muassasalarida yashashlari mumkin. Ota-onalar yoki boshqa shaxslarning oʻz tarbiyasidagi voyaga yetmaganlarning huquqlari va manfaatlarini buzishlari, ularni tarbiyalashdan boʻyin tovlashlari, voyaga yetmaganlar bilan ularning sogʻligʻiga zarar yetkazadigan darajada shafqatsiz munosabatda boʻlishlari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.