Nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan nogironligi boʻlgan bolalar va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy yordam olish, kuch-quvvatni tiklashning barcha turlaridan foydalanish, dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli asoslarda taʼminlanish, shuningdek kasbiy tayyorgarlikdan va qayta tayyorgarlikdan oʻtish huquqiga ega. Nogironligi boʻlgan shaxslar davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy-sanitariya yordamini olish, uyda parvarish qilinish huquqiga, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan yolgʻiz shaxslar, surunkali ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar esa nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun moʻljallangan internat uylarida yashash huquqiga ega. Nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tartibi va ularga beriladigan imtiyozlar roʻyxati qonunchilikda belgilanadi.