Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 24-modda. Bemorning huquqlari

Bemor tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan va tibbiy yordam olayotgan paytda quyidagi huquqlarga ega: tibbiyot xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat koʻrsatishlari; shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash; sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan oʻtish, davolanish va parvarish qilinish; Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilab qoʻygan tartibda oʻz iltimosiga koʻra boshqa mutaxassislarning konsilium qilishi va ulardan maslahatlar olish; tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganligi, sogʻligʻining holati, qoʻyilgan tashxis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda uni tekshirish va davolash chogʻida olingan boshqa maʼlumotlar sir saqlanishi; tibbiy aralashuvga oʻz ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish; oʻz huquq va burchlari xususida hamda sogʻligʻining holati haqida maʼlumot olish, shuningdek sogʻligʻining holatiga doir maʼlumotlarni uning manfaatini koʻzlagan holda bersa boʻladigan shaxslarni tanlash; ixtiyoriy tibbiy sugʻurta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish; tibbiy yordam koʻrsatish vaqtida sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda koʻrilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi; huquqini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil qoʻyilishi. Huquqlari buzilgan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili bevosita davolash-profilaktika muassasasining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori boshqaruv organiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.