Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 25-modda. Fuqarolarning oʻz sogʻligʻining holati toʻgʻrisida maʼlumot olish huquqi

Har bir fuqaro oʻz sogʻligʻining holati toʻgʻrisida maʼlumot, shu jumladan tekshirish natijalari, qanday kasali borligi, qanday tashxis qoʻyilganligi, kasallikning bundan buyon qanday kechishiga oid taxminlar, davolash usullari va bu usullar bilan bogʻliq xavf-xatar, tibbiy aralashuvning ehtimol tutilgan turlari va ularning oqibatlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish huquqiga ega. Fuqaroning sogʻligʻi haqidagi maʼlumotni uning oʻziga, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxslar hamda qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar sogʻligʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni esa ularning qonuniy vakillariga davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori, boʻlim mudiri yoki tekshirish va davolashda bevosita qatnashayotgan boshqa mutaxassislar beradi. Kasallikning kechishi nomaqbul deb taxmin qilingan hollarda bu haqda fuqaroga va, basharti uning oʻzi oila aʼzolariga xabar qilishni taqiqlamagan va (yoki) bunday maʼlumot berilishi uchun biror shaxsni tayinlamagan boʻlsa, bemorning oila aʼzolariga tibbiy-odob meʼyorlariga rioya qilgan holda xabar qilinishi kerak. Fuqaroning talabiga muvofiq unga sogʻligʻining holatini aks ettiruvchi tibbiy hujjatlardan koʻchirmalar beriladi. Fuqaroning tibbiy hujjatlarida aks etgan maʼlumotlar shifokorlik siri boʻlib, u faqat ushbu Qonun 45-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardagina fuqaroning roziligisiz taqdim etilishi mumkin.