Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 37-modda. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza

Tekshiruvdan oʻtkazilayotgan shaxsning klinik-funksional, ijtimoiy, kasbiy-mehnat va psixologik maʼlumotlarini kompleks baholash asosida uning sogʻligʻi yoʻqolganligi darajasini hamda organizmining funksiyalari turgʻun buzilganligi sababli hayot faoliyati cheklanganligi darajasini, nogironlik guruhini, nogironlikning boshlanishi sababi hamda vaqtini aniqlash, shuningdek shaxs uchun sogʻligʻining holatiga koʻra mumkin boʻlgan mehnat faoliyati turlari va zarur mehnat sharoitlari, oʻzgalarning parvarishiga, sanatoriy-kurortda davolanishning tegishli turlariga hamda ijtimoiy himoyaga boʻlgan ehtiyoji toʻgʻrisida tavsiyalar berish tibbiy-ijtimoiy ekspertizadir. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizani tashkil qilish va oʻtkazish tartibi qonunchilikda belgilab qoʻyiladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizani oʻtkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning oʻzi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.