Harbiy-tibbiy ekspertiza harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt boʻyicha kiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlarining zaxirasida (rezervida) turgan fuqarolarning hamda harbiy xizmatchilarning salomatligi jihatidan harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini, kasallik, yaradorlik, shikastlanganlik harbiy xizmat (harbiy yigʻinlarni oʻtash) bilan bogʻliqligini aniqlaydi, harbiy xizmatchilarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va ularning sogʻligʻini tiklashning turlari, hajmi va muddatini belgilaydi. Harbiy-tibbiy ekspertizani tashkil etish va oʻtkazish tartibini, shuningdek harbiy yoki muqobil xizmatga chaqiriladigan, harbiy xizmatga kontrakt boʻyicha kiradigan fuqarolar va harbiy xizmatchilar sogʻligʻining holatiga nisbatan qoʻyiladigan talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Harbiy-tibbiy ekspertizaning xulosalari mansabdor shaxslar ijro etishi uchun majburiydir. Harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazgan muassasaning xulosasi ustidan fuqaroning oʻzi yoki uning qonuniy vakili sudga shikoyat qilishi mumkin.