Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 11-modda. Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi

Oxirgi ish joyidan qatʼi nazar, quyidagilar ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega boʻladilar: a) yerosti ishlarida, mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda toʻliq ish kuni davomida band boʻlgan xodimlar (2-sonli roʻyxat, I qism): erkaklar — ish staji kamida 20 yil boʻlib, bundan kamida 10 yili koʻrsatib oʻtilgan ishlarga toʻgʻri kelgan taqdirda; ayollar — ish staji kamida 15 yil boʻlib, bundan kamida 7 yilu 6 oyi koʻrsatib oʻtilgan ishlarga toʻgʻri kelgan taqdirda. Yer osti ishlaridagi mehnat staji erkaklarda 10 yildan kam va ayollarda 7 yilu 6 oydan kam boʻlgan hollarda xodimlarga bu ishlardagi har bir toʻliq yil uchun ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshi 1 yilga qisqartiriladi. Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda — erkaklar kamida 5 yil, ayollar kamida 3 yil 9 oy — ishlagan xodimlarga pensiya ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshi shunday ishda band boʻlingan har bir toʻliq yil uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi; b) sirklar va konsert tashkilotlari artistlarining ayrim toifalari ijodiy ishdagi staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda (2-sonli roʻyxat, II qism).