Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 38-modda. Ish stajiga imtiyozli tarzda qoʻshib hisoblanadigan faoliyat davrlari

Stajga quyidagilar imtiyozli tarzda qoʻshib hisoblanadi: a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qoʻshilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish — uch hissa barobarida; b) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va ushbu moddaning “a” bandida nazarda tutilgan xizmatdan tashqari harbiy xizmat — ikki hissa barobarida; v) ushbu Qonun 10-moddasining “a” va “b” bandlariga hamda 11-moddasining “a” bandiga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan — erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir toʻliq yil ikki hissa barobarida; g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunodefitsit virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash — ikki hissa barobarida; d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi — bir yarim hissa barobarida; e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatagʻon qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda boʻlish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti — bir yarim hissa barobarida.