Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 43-1-modda. Fuqaroning murojaatini talab etmagan xolda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlash tartibi

Ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgan fuqarolarga yoshga doir pensiya ulardan murojaat talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) tayinlanadi. Bunda fuqaroning yoshga doir pensiyaga boʻlgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlar va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlarga asosan aniqlanadi. Fuqaroning pensiyaga boʻlgan huquqini aniqlashda pensiyaning miqdori hisob-kitob qilinadi va pensiya tayinlanadi. Agar fuqaro uning murojaatisiz (proaktiv shaklda) tayinlangan pensiya miqdoridan norozi boʻlsa yoki mehnat faoliyatini davom ettirish va keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirsa, u tayinlangan yoshga doir pensiyani rad etish huquqiga ega. Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ariza bilan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soʻrovnoma toʻldirilgan holda murojaat qilishi kerak. Fuqaroning murojaatini talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlashning imkoni boʻlmagan hollarda, pensiya fuqaroning murojaatiga asosan tayinlanadi.