Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida 18-modda. Fuqarolar yigʻinini chaqirish tartibi

Fuqarolar yigʻini fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli), yigʻin kengashi tomonidan zaruratga qarab, lekin yilning har choragida kamida bir marta chaqiriladi. Fuqarolar yigʻini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining, tuman, shahar hokimining yoki oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va mazkur hududda doimiy yashovchi fuqarolarning kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin. Fuqarolarning yigʻini fuqarolar yigʻinida qatnashish huquqiga ega boʻlgan barcha aholining yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlgan taqdirda vakolatlidir. Fuqarolar yigʻinini olib borish uchun rayosat saylanadi. Yigʻinni fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) yoki raisning maslahatchilaridan biri olib boradi. Barcha masalalar boʻyicha qarorlar ochiq yoki yopiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Har bir yigʻinda yigʻin oʻtkazilgan sana, hozir boʻlgan fuqarolar soni, kun tartibi va qabul qilingan qarorlar koʻrsatilgan holda bayonnoma yuritiladi. Fuqarolar yigʻinining bayonnomasi va qarorini fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) va masʼul kotibi imzolaydilar. Rais (oqsoqol) yoʻqligida, fuqarolar yigʻinining bayonnomasini raisning maslahatchilaridan biri va masʼul kotib imzolaydi. Fuqarolar yigʻinini chaqirishning imkoni boʻlmagan taqdirda, fuqarolar vakillarining yigʻilishi oʻtkaziladi. Yigʻilishga hovlilar, uylar, koʻchalar, mahallalar, mavzelar, dahalardan fuqarolarning namoyandalari vakil qilinadilar. Vakillik normasini fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish ishlari boʻyicha tegishli tumanlar va shaharlar muvofiqlashtirish kengashi belgilaydi. Fuqarolar vakillarining yigʻilishi unda vakillarning kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatlidir va bunday yigʻilish ushbu Qonunda fuqarolar yigʻinlarini oʻtkazish tartibiga nisbatan qoʻyiladigan talablarga muvofiq oʻtkaziladi. Fuqarolar yigʻinida shaharcha, qishloq, ovul va mahalla hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlarning vakillari oʻz faoliyatlariga doir masalalar boʻyicha maslahat ovozi bil