Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida 8-modda. Fuqarolar yigʻini

Fuqarolar yigʻini aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan tegishli hududda amal qiladigan qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Fuqarolar yigʻinida shaharcha, qishloq va ovul, shuningdek shahar, shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla hududida doimiy yashayotgan, voyaga yetgan shaxslar qatnashadilar. Fuqarolar yigʻini organlari quyidagilardan iborat: fuqarolar yigʻini kengashi; fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar; fuqarolar yigʻini taftish komissiyasi; tuman markazidan olisda joylashgan va borish qiyin boʻlgan shaharchalar, qishloqlar va ovullarda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tuziladigan maʼmuriy komissiya (bundan buyon matnda maʼmuriy komissiya deb yuritiladi). Fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar, fuqarolar yigʻini taftish komissiyasi va maʼmuriy komissiyani saylash fuqarolarning qonunda belgilangan saylov huquqlari kafolatlari taʼminlangan holda yashirin yoki ochiq ovoz berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga koʻrsatilgan shaxs, agar fuqarolar yigʻinida (vakillar yigʻilishida) hozir boʻlganlarning yarmidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, saylangan hisoblanadi.