Fuqarolar yigʻini oʻzi tasdiqlagan nizom asosida faoliyat yuritadi. Fuqarolar yigʻini toʻgʻrisidagi nizomda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: fuqarolar yigʻinining nomi; fuqarolar yigʻinining hududi; fuqarolar yigʻini va uning organlari vakolatlari; fuqarolar yigʻinini chaqirish tartibi; fuqarolar yigʻini kengashini tuzish tartibi; fuqarolar yigʻini raisini (oqsoqolini) va uning maslahatchilarini, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslarini saylash tartibi; fuqarolar yigʻini komissiyalarini tuzish tartibi; fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining) va rais maslahatchilarining vakolatlari; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi faoliyatining moliyaviy asosi; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organini qayta tashkil etish va uning faoliyatini tugatish tartibi. Fuqarolar yigʻini toʻgʻrisidagi nizomda qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin. Fuqarolar yigʻini toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.