Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) 283-modda. Garovning bekor boʻlishi

Garov quyidagi hollarda bekor boʻladi: 1) garov bilan taʼminlangan majburiyat bekor boʻlganida; 2) ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻlganida garovga qoʻyuvchining talabi bilan; 3) garovga qoʻyilgan ashyo nobud boʻlganida yoki garovga qoʻyilgan huquq bekor boʻlganida, basharti garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalangan boʻlmasa; 4) garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin boʻlmagan taqdirda (ushbu Kodeksning 281-moddasi). Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan reyestrda ipoteka tugatilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan boʻlishi kerak; 5) agar garovga oluvchi ushbu Kodeks 282-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa, bundan garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilinmaganligi va talablari garov bilan taʼminlanmagan kreditorlarning oʻz talablarini qanoatlantirish uchun mazkur mol-mulkni qabul qilishni rad etganligi hollari mustasno. Garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishi natijasida yoki garovga qoʻyuvchining talabi bilan garov bekor boʻlganida (ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismi ) ixtiyorida garovga qoʻyilgan mol-mulk boʻlgan garovga oluvchi uni darhol garovga qoʻyuvchiga qaytarib berishi shart.