Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 554-modda. Mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish

Mulk ijarasi shartnomasi bekor boʻlganidan keyin ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni oʻziga topshirilgan holatda, normal eskirishni hisobga olib yoki shartnomada kelishilgan holatda qaytarishi lozim. Agar ijaraga oluvchi ijaraga olgan mol-mulkni qaytarmasa yoki kechiktirib qaytarsa, ijaraga beruvchi kechiktirilgan barcha vaqt davomida mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlashni talab qilishga haqli. Bu haq ijaraga beruvchi koʻrgan zararni qoplamagan taqdirda zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Ijaraga olingan mol-mulk oʻz vaqtida qaytarilmaganligi uchun shartnomada neustoyka undirish nazarda tutilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, neustoykadan tashqari zarar toʻliq miqdorda undirilishi mumkin.