Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qatʼi nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib boʻlmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli. Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining bunday yaxshilashga qilgan xarajatlari ijaraga olingan mol-mulkning qiymatini uning sifati va (yoki) undan foydalanish xususiyatlarini yaxshilashga qaraganda beqiyos darajada oshirib yuborganligini yoki bunday yaxshilashni amalga oshirish vaqtida halollik va oqilonalik tamoyillari buzilganligini isbotlasa, sud uni bunday yaxshilash haqini ijaraga oluvchiga toʻlash majburiyatidan ozod qilishi mumkin.