Sud topshirigʻini bajarish ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga koʻra sud majlisida amalga oshiriladi. Ishda ishtirok etayotgan shaxslar majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi, biroq ularning kelmaganligi topshiriqni bajarishga toʻsqinlik qilmaydi. Sud topshirigʻi tartibida taraflarning va uchinchi shaxslarning yoxud ular qonuniy vakillarining tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni koʻzdan kechirish hamda tekshirish orqali aniqlanadigan faktik maʼlumotlar toʻplanishi mumkin. Bayonnomalar va sud topshirigʻini bajarishda toʻplangan materiallar ishni koʻrib chiqayotgan sudga darhol yuboriladi. Agar sud topshirigʻini bajarayotgan sudga tushuntirishlar yoki koʻrsatuvlar bergan ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki guvohlar ishni koʻrib chiqayotgan sudga kelsa, ular umumiy tartibda tushuntirishlar yoxud koʻrsatuvlar beradi.