Sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga boshqacha tarzda hurmatsizlik bildirgan shaxs sud tomonidan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Sudga hurmatsizlik guvohning, daʼvogarning, javobgarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan boʻyin tovlashida yoki ushbu shaxslar va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchining farmoyishiga boʻysunmasligida yoxud sud majlisi vaqtida tartibni buzishida namoyon boʻladi. Sudga hurmatsizlik koʻrsatilganligi fakti aniqlanganligi toʻgʻrisida ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan sud majlisining oʻzida alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan sudya (sud tarkibi) tomonidan huquqbuzarga darhol eʼlon qilinadi. Mazkur fakt sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Bunda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi. Sudga hurmatsizlik koʻrsatilganligi fakti aniqlangan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar oʻz tushuntirishlarini berishga haqli. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qaror raislik qiluvchi tomonidan ish boʻyicha sud majlisi tugagandan keyin alohida xonada (maslahatxonada) tuzilib, sudya (sud tarkibi) tomonidan imzolanadi. Agar sudga hurmatsizlik sud majlisida koʻrsatilgan va huquqbuzar sud majlisi zalini tark etgan boʻlsa, sudga hurmatsizlik sud majlisidan tashqarida koʻrsatilgan boʻlsa, shuningdek sud majlisiga kelishdan bosh tortganlik aniqlansa, huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) yoki sud raisining yoxud sud majlisida raislik qiluvchining ogʻzaki farmoyishiga asosan boshqa sud xodimi tomonidan tuziladi va bu haqda huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomada koʻrsatiladi. Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma ushbu sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.