Sud (sudya) tayinlagan muddatlar sud (sudya) tomonidan uzaytirilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar qonunda belgilangan muddatni sud (sudya) uzrli deb topgan sabablarga koʻra oʻtkazib yuborgan boʻlsa, mazkur muddat tiklanadi. Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma protsessual harakat amalga oshirilishi yoki hujjat topshirilishi lozim boʻlgan sudga beriladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi iltimosnomani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomani berish bilan bir vaqtda, muddati oʻtkazib yuborilgan harakat bajarilishi yoki hujjat topshirilishi lozim. Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni uzaytirish, tiklash haqida yoki uzaytirishni yoxud tiklashni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Oʻtkazib yuborilgan protsessual muddatni uzaytirishni rad etish yoki tiklashni rad etish yoxud tiklash haqidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.