Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va guvohlar sud chaqiruv qogʻozlari, zarur hollarda esa buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini taʼminlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali sudga chaqiriladi hamda sudning ayrim protsessual harakatlari toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Sudya chaqiruv qogʻozi bilan bir vaqtda javobgarga daʼvo arizasining (arizaning) koʻchirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini yuboradi. Agar javobgarning yozma tushuntirishi sudga kelib tushgan boʻlsa, sudya sudga murojaat qilgan shaxsga chaqiruv qogʻozi yuborayotganda ushbu tushuntirish xatining koʻchirma nusxasini joʻnatadi. Sud xabarnomalari va chaqiruv qogʻozlari ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.