Fuqarolik protsessual kodeksi 162-modda. Tegishli tartibda xabardor qilish

Sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma shaxsan yoki voyaga yetgan oila aʼzolaridan biri, mazkur manzilda yashovchi boshqa shaxs tomonidan olingan, shuningdek sud tomonidan matnli xabarning elektron pochta manzili orqali yoki xabarnomaning qayd etilishini taʼminlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yetkazilganligini tasdiqlovchi hisobot olingan hollarda, agar bunday xabarnoma kelib tushmaganligi yoki kechroq kelib tushganligi isbotlanmasa, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tegishli tartibda xabardor qilingan hisoblanadi. Sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma chaqiriluvchi uni olishni rad etganda ham, agar bunday rad etish qayd etilgan boʻlsa, yetkazilgan hisoblanadi.