Fuqarolik protsessual kodeksi 167-modda. Kelishuv bitimining mazmuni

Kelishuv bitimi uni ijro etish muddati va tartibi koʻrsatilgan holda taraflar tomonidan kelishilgan shartlarni oʻz ichiga olishi kerak. Taraflar tomonidan kelishuv bitimi shartlari boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarning ijro etilishi taraflarni bir-biriga yoki boshqa voqealarga (harakatlarga) bogʻliq qilib qoʻyishi mumkin emas. Kelishuv bitimida javobgar tomonidan majburiyatlarni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi, qarzdan toʻliq yoki qisman voz kechish yoxud uni tan olish toʻgʻrisidagi, sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shartlar va qonunga zid boʻlmagan boshqa shartlar boʻlishi mumkin. Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi shart mavjud boʻlmasa, sud mazkur masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chogʻida, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hal qiladi. Kelishuv bitimi uni tuzgan shaxslar sonidan bitta ortiq nusxada tuziladi va imzolanadi. Ushbu nusxalardan biri ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.