Sudya sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) ariza ushbu Kodeksning 172-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda berilgan boʻlsa; 2) ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa; 3) arz qilingan talabni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa; 4) davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan boʻlsa, davlat boji toʻlashni kechiktirish mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa; 5) sud buyrugʻi berilguniga qadar undiruvchidan sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqida ariza kelib tushgan boʻlsa. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqida sudya ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ushbu ariza bilan sudga ikkinchi marta murojaat etishga toʻsqinlik qilmaydi.